Xalq o’yinlari – millat ko’zgo’si

Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlaganidek, har qaysi xalq yoki millatning ma’naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu borada, tabiiyki, ma’naviy meros, madaniy boyliklar, ko‘hna tarixiy yodgorliklar muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Mustaqillik yillarida milliy an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylab, kelajak avlodga bekamu ko‘st yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda unutilib ketayotgan xalq og‘zaki ijodi namunalari, an’ana va urf-odatlar, milliy o‘yinlar qayta tiklanayotir.

Xalq o‘yinlari azaldan ajdodlarimiz madaniy hayotining ajralmas qismi sifatida e’zozlanadi. Aksariyat o‘yinlarning ildizlari juda qadimiy bo‘lib, ular asrlar davomida xalqimiz ma’naviyatini boyitishga, ongu tafakkuri va his-tuyg‘ularini teranlashtirishga xizmat qilgan. O‘yinlarda xalqning turmush tarzi, mehnati, yutuqlari o‘z aksini topadi. Shu bois ular yosh avlodlarni tarbiyalashda “hayot maktabi” vazifasini o‘tagan.

O‘yin – turli ifodali vositalar bilan ma’lum qoida yoki oldindan kelishilgan shartlar asosidagi jismoniy musobaqalar, bellashuvlar, tafakkur bahslari va ijrochilik talablaridan vujudga kelgan milliy qadriyat hisoblanadi.

Mustaqillik yillarida urf-odatlarimiz nafaqat asl qiyofasiga qaytdi, balki mazmunan boyidi va yanada sayqal topdi. Ayni vaqtda bayramlarimizda kuy-qo‘shiqlar, folklor-etnografik jamoalarning chiqishlari, lapar, o‘lan, alla ohanglari, milliy xalq o‘yinlari uyg‘unlashtirilib ijro etilmoqda.

Xalq o‘yinlari kishiga o‘zgacha xushnudlik ulashadi, insonning kayfiyatiga ijobiy ta’sir etadi. U yoshlarning jismoniy, aqliy, axloqiy rivojlanishida, kuchli, chaqqon, topqir, farosatli, mard insonlar bo‘lib kamol topishida katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbek xalqining betakror samimiyatini o‘zida aks ettiruvchi urf-odat va marosimlarimiz qadimiy madaniyatimizning go‘zalligini namoyon etuvchi bir ko‘zgudir.

Biz ham sizlarni milliy o’yinlarimiz bilan kengroq tanishtirish maqsadida «Xalq o’yinlari» bo’limida turli xalq o’yinlari haqida ma’lumotlar berib borishni o’z oldimizga maqsad qildik.

Leave a Reply