MILLIY DORBOZLIK SAN’ATI ISTIQBOLI

00108O‘zbek milliy xalq o‘yinlari azaldan ajdodlarimiz madaniy hayotining ajralmas qismi sifatida e’zozlanib kelinadi. Asrlar davomida xalqimiz ma’naviyatini boyitib, ongi, tafakkuri va his-tuyg‘ularini teranlashtirib kelgan o‘yinlarda insonning turmushi, mehnati, tajribasi, kurashi, jasurligi, epchillik va mardlik kabi fazilatlari  o‘z aksini topgan.

Masalan, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan dorbozlik san’ati ana shunday tarbiyaviy ahamiyatga ega. Bu soha keyingi paytlarda yosh iste’dodlar orasida ommalashib bormoqda. Istiqlol yillarida xalq o‘yinlariga doir manbalarni to‘plash, o‘rganish va qayta tiklash jarayoni izchil yo‘lga qo‘yildi. Davlatimiz rahbari rahnamoligida yurtimizning haqqoniy tarixini o‘rganish, nomoddiy madaniy merosimizni muhofaza qilish, ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish va jahon miqyosida keng tanitishga katta e’tibor qaratildi.

1997 yildan buyon Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi tomonidan muntazam o‘tkazib kelinayotgan milliy dorbozlik jamoalari ishtirokidagi “Maydon tomoshalari san’ati” respublika festivali o‘zbek xalq tomosha san’ati va milliy o‘yinlarini tiklash, dorbozlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda keng targ‘ib etish, shuningdek, yoshlarning boy ma’naviy merosimiz, xalq o‘yinlariga bo‘lgan qiziqishi va hurmatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, qadimda xalq bayramlari kunlari bozor maydonlari va sayilgohlarda sozanda, qo‘g‘irchoqboz, masxaraboz va qiziqchilarning chiqishlari bilan bir qatorda dor o‘yinlari ham namoyish etilgan hamda tomoshabinlarda katta qiziqish o‘yg‘otgan. Asrlar davomida shakllanib kelgan an’anaviy o‘zbek milliy dorbozlik san’ati boshqa xalqlarning dor o‘yinlaridan o‘ziga xos an’anaviy dor qurilmasi, dor usti va dor ostidagi rang-barang murakkab mashqlari bilan farq qiladi. Dorbozlik san’ati ijrochidan epchillik,  chaqqonlik, har qanday sharoitda ham gavda muvozanatini saqlashni talab etadi. Bu san’atni rivojlantirish, ommalashtirish va yangi, takomillashgan repertuarlarni namoyish etishda oilaviy sulolalarning o‘rni katta bo‘lmoqda. Chunki bu sohada ustoz-shogird an’analari aynan oilada shakllanadi.

Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda 47 ta dorbozlik jamoasi, 21 ta tsirk guruhi faoliyat yuritmoqda. Shulardan 10 ta dorbozlik  jamoasi, 8 ta tsirk guruhiga Madaniyat va sport ishlari vazirligi Hay’atining qaroriga asosan “Xalq havaskorlik jamoasi” maqomi berilgan. Joriy yilning aprel oyida dorbozlik jamoalari va tsirk guruhlari ishtirokida “Maydon tomoshalari san’ati” Respublika festivali o‘tkazildi. Mazkur festivalda hududlarda faoliyat olib borayotgan dorbozlik (katta dor, simdor va polvonlar) guruhlari ishtirok etishdi. Dorbozlar guruhlariga qo‘yiladigan dasturiy va texnik talablar asosida tomoshaning maxsus stsenariysi, ishtirokchilarning liboslari katta dor va simdor o‘yinlari, dor ustida ijro etiladigan murakkab o‘yinlar, tomosha san’ati guruhlari, jonglyor, masxarabozlik, gipnoz, illyuziya, yog va akrobatik chiqishlar namoyish etildi.

Leave a Reply